+A+
A
-A-
x2

Ona tili – qalb ko‘zgusi.

Ma’lumki,millatni millat qilib turgan asosiy belgilardan biri til hisoblanadi. Til kishilarni birlashtiradi, millatlar o`rtasida ahillikni kuchaytiradi.  “Ona tilining buyuk ahamiyati shundaki, u madaniyat belgisi sifatida kishilarni yaqin qilib jipslashtiradi”. Shu ma’noda, o`zbek tili ham millatlararo muomala vositasi sifatida respublikamiz xalqlarini milliy istiqlol g`oyasi atrofida birlashtirish, jipslashtirish jarayonlariga xizmat qilmoqda.

        Istiqlol yillarida xalqaro, davlatlararo ikkitomonlama muzokaralar olib borish, shartnomalar tuzishda o`zbek tilining ahamiyati oshdi. Bu esa o`zbek tilining diplomatiya (xalqaro munosabatlar) funksiyasining shakllanishiga olib keldi. Hozirgi kunda shartnomalar uch tilda – o`zbek tili, shartnoma tuzayotgan tomon tili hamda nazorat tili sifatida ingliz yoki rus tillarida (MDH mamlakatlari bilan) rasmiylashtirilmoqda. Oqibatda oliy ta’limga xizmat qilish funksiyasi tarkibida ham o`zgarishlar ro`y berdi – O`zbekistonda ilk bor Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi, undagi ta’lim jarayoni o`zbek hamda rus tillarida olib borilmoqda.     Eng ahamiyatlisi, o`zbek tilining millatlararo hamda xalqaro miqyosda muloqot vositasiga aylanib borayotganidir. Bu esa, o`z navbatida, “Davlat tili” to`g`risidagi Qonunning, respublikada amalga oshirilayotgan til siyosatining, xususan, til taraqqiyotiga qaratilgan tadbirlarning muhimligidan dalolat beradi.               Abdulla Oripovdan: “Qaysi tilni organishdan qat’i nazar, biz ona tilimizning obro`sini ta’minlashimiz kerak. Til uchun, kurashning eng birinchi bosqichini men til obro`sini ta’minlash masalasi deb bilaman. Internatsional fikrim, hamisha shunday. Ona tilimiz – o`zbek tilining obro` e’tiborini baland ko`tarishda hali ko`p ish qilishimiz kerak”.